• Moskva: +7 968 400-11-99
  • Toshkent: +998 55 503-11-99
  • E-mail: yumecs.uz@gmail.com
  • Ish jadvali: 9:00-21:00

O’zR bojxona qonunchiligi

  • Bosh
  • /
  • O’zR bojxona qonunchiligi

O’zbekistonda bojxona qonunchiligi

manba

23-bob. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni va transport vositalarini notijorat maqsadlarda olib o‘tish

155-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan va tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallanmagan tovarlar jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bojxona chegarasi orqali soddalashtirilgan tartibda va ushbu bobda nazarda tutilgan imtiyozlar qo‘llanilgan holda olib o‘tiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarning qanday maqsadga mo‘ljallanganligini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi:

tovarlarning miqdori, bunda tovarlarni olib o‘tayotgan jismoniy shaxs va uning oila a’zolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib o‘tayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi;

tovarlarni olib o‘tishning takroriyligi, bunda ayni bir shaxs tomonidan bir turdagi tovarlarning bir necha bor olib kirilishiga, agar tovarlarni olib o‘tayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun tovarlarni olib kirish deb qaraladi;

safarning holatlari, bunda safarning maqsadi va uning davomiyligi hisobga olinadi.

164-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlarning qiymati ularni deklaratsiyalashda ma’lum qilinadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, ma’lum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Shaxs tomonidan ma’lum qilingan tovarlarning bojxona qiymati to‘g‘ri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini ushbu Kodeksning 44-bobiga muvofiq mustaqil ravishda belgilashi mumkin.

Tovarlar bojxona hududiga alohida kelayotgan bagajda olib kirilgan, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuborilgan taqdirda ularning bojxona qiymatiga tovarlarni aeroportgacha, daryo portigacha yoki tovarlar bojxona hududiga olib kiriladigan boshqa joygacha yetkazib berish xarajatlari qo‘shiladi.

24-bob. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlar

165-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari

Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalaridir.

Xalqaro pochta jo‘natmalari Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga yuborilishi kerak.

Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari tijorat hujjatlari bilan birga yuborilishi kerak.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonun hujjatlarida taqiqlangan tovarlarni yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.

166-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan hamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tishi kerak.

МXalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona nazoratini amalga oshirmasdan qabul qiluvchilarga berilishi yoki bojxona hududidan tashqariga jo‘natilishi mumkin emas.

Xalqaro pochta jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.

Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan joylarda amalga oshiriladi.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki jo‘natuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko‘rsatish zonasida turgan bo‘lsa, o‘sha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday hollarda xalqaro pochta jo‘natmalari xalqaro pochta almashinuvi joylaridan pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi. Pochta aloqasining tegishli hududiy tashkilotlarida bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash uchun joylar tashkil qilinadi, bu joylar bojxona nazorati zonalari hisoblanadi.

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan joylardan yuboriladigan xalqaro kuryerlik jo‘natmalari qabul qiluvchilar qaysi bojxona organining faoliyat ko‘rsatish zonasida turgan bo‘lsa, o‘sha bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkazib beriladi.

167-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash

Quyidagilarga:

a) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslar manziliga xalqaro pochta jo‘natmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha bo‘lgan miqdordagi tovarlar uchun — Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlarga;

b) jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek yuridik shaxslarning manziliga xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha bo‘lgan miqdordagi tovarlar uchun — tijorat hujjatlariga bojxona deklaratsiyasi sifatida qaraladi.

Qolgan hollarda xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash bojxona yuk deklaratsiyasini berish orqali amalga oshiriladi.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarida olib chiqiladigan, bojxona yuk deklaratsiyasi berilishi lozim bo‘lgan tovarlarni deklaratsiyalash mazkur tovarlar pochta aloqasi tashkilotlariga topshirilayotganda amalga oshiriladi.